YONG‘IN O‘CHIRISH AMALIY SPORTI BO‘YICHA MUSOBAQA G‘OLIBLARI MUNOSIB TAQDIRLANDI

YONG‘IN O‘CHIRISH AMALIY SPORTI BO‘YICHA MUSOBAQA G‘OLIBLARI MUNOSIB TAQDIRLANDI

    Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida Yong‘in o‘chirish amaliy sporti bo‘yicha O‘zbekiston ochiq chempionati yakunlanib, musobaqada O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimidan jami 19 ta jamoa 5 ta shart bo‘yicha o‘zaro bahslashdi. Musobaqaning ikkinchi kuni 100 metrga to‘siqlar osha yugurish turi bo‘yicha birinchi o‘rinni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, ikkinchi o‘rinni Andijon viloyati boshqarmasi, uchinchi o‘rinni Buxoro viloyati boshqarmasi terma jamoasi egalladi.
  100 metr masofaga yugurish estafetasida Qashqadaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi terma jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin Xorazm viloyati boshqarmasi, uchinchi o‘rin O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi terma jamoasiga nasib qildi. Jangovar yoyilish turi bo‘yicha Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi terma jamoasi g‘olib bo‘ldi.
 Umumiy natijalar bo‘yicha birinchi o‘rinni Buxoro viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, ikkinchi o‘rinni Qashqadaryo viloyati boshqarmasi, uchinchi o‘rinni Andijon viloyati boshqarmasi jamoalari egalladi. Ochiq chempionat doirasida maxsus kuch ishlatish mashqlari (kross-fit) sport musobaqasi o‘tkazildi.
  Unda 18 ta terma jamoadan jami 90 nafar sportchi ishtirok etdi. Natijada birinchi o‘rin O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi terma jamoasiga nasib qildi.
   G‘oliblar tashkilotchilar tomonidan medal, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.


Akademiya Matbuot xizmati