16:00 / 02.06.2017
100447

Xonadondagi mo‘'jiza: Marhamatdagi oila har 21 kunda 90 mingta jo‘ja ochirmoqda

Ba'zida juda ko‘p bora aytilgan o‘ta kuchli ma'noga ega hikmat ham qayta-qayta ishlatilaverib, o‘z ta'sir kuchini yo‘qotib qo‘yadi. Lekin Andijon viloyati, Marhamat tumani, “Konchilar” mahallasida bo‘lib, men uchun oddiy so‘zga aylanib qolgan: “Parrandachilik yetti xazinaning biri” maqolining naqadar ma'noga boy ekanini yana bir bor angladim.  

Qishloq odamining bo‘sh vaqti bo‘lmaydi. Ishdan qaytgach, tomorqasida uymalanadi, mol-holga qaraydi, qisqasi oilasiga nafi tegadigan yumush bilan shug‘ullanadi. Chunki uning 5-6 sotix tomorqasi bor. Tayoq eksa to‘rt kunda ko‘karadigan, urug‘ tushsa besh kunda barg yozadigan yerimiz mehnat qilsak bizni boqishi tayin. Agar qishloq kishisi biroz ijodkor va hunarmand bo‘lsa, unda atrofdagilarga ham katta naf keltiradi. Bugungi maqolamiz ana shu haqda.

“Konchilar” mahallasida yashovchi Tolibjon ota va Himoyatxon ona boshchiligidagi Begmatovlar xonadonini atrofda bilmaydigan kishining o‘zi yo‘q. Sababi el qatori xonadonda istiqomat qiladigan oila har 21 kunda 90 mingta jo‘ja ochiradi. Tolibjon ota bizni behasham, lekin chiroyli qurilgan uylari chetidagi bir xonali “tovuq fabrikasi”ga boshladi. 

Keng xonaning ikki tomonida oltita inkubatoriya shkafi joylashgan. 

– Har bir shkafda 15 mingdan tuxum bor, - deydi xonadon sohiblaridan biri G‘ayratjon. – Tuxum inkubatoriya uskunasiga qo‘yilganidan so‘ng 21 kunda jo‘ja ochiladi. Jo‘jalar tuxumni yorib chiqishidan uch kun avval tuxumlarni tashqarida turgan tayyorlov shkafiga olamiz.

Birdaniga 90 ming jo‘ja ochib chiqishi haqida o‘ylaganlarimiz noto‘g‘ri bo‘lib chiqdi. Tuxumlarda yozilgan raqamlarni ko‘rib hayron bo‘lgandik. Raqamlar tuxumlarni inkubatoriyaga qo‘yilgan kuni belgilangan yozuvlar ekan. Kuniga 4-5 ming jo‘ja ketma-ketlikda ochib chiqarilib, xaridorlarning o‘zlari olib ketarkan. Mittigina tovuq va o‘rdak jo‘jalarining ochilish jarayoniga guvoh bo‘ldik.     

Bizni har yigirma kunda 90 mingta urug‘langan tuxumni topish masalasi qiziqtirdi. 

- Zotli tovuq tuxumlarini Toshkent viloyati “Imkon” jamiyatidan olib kelamiz, xonaki zotniki esa atrofdagi qishloqlarda ko‘p tovuq boqadigan xonadonlardan yig‘iladi, - deb javob berdi Tolibjon ota. – Inkubatoriyaga qo‘yilgan tuxumning 85-90 foizi ochib chiqadi.     

Viloyatning Qo‘rg‘ontepa, Buloqboshi, Asaka va Shahrixon tumanlarini sifatli parranda bilan ta'minlayotgan xonadon sohiblari o‘z egallagan hunarlarining sirini ham hech kimdan yashirmas ekan. – Eng avvalo, qunt kerak, tuxumlarni inkubatoriyaga joylab, haroratni 37,5 daraja, namlikni 28,8da ushlab tursangiz sifatli jo‘ja chiqaveradi, - deydi ota. – Agar shu sohaga qiziqib, o‘rganishni niyat qilganlar bo‘lsa bemalol kelaversin, beminnat o‘rgatamiz. Bu sohaning hech qanday siri yo‘q.

Shunday bo‘lsada parrandachilikning sizu-bizga qiziq bo‘lgan ko‘p jihatlari mavjud. Masalan: Tovuq va o‘rdak tuxumidan 21 kunda jo‘ja yorib chiqsa, bedana tuxumi 17 kun, g‘oz tuxumi 31 kun, kurka(indyuk) tuxumi esa 28 kunda ochiladi. Jo‘ja ochirish bilan yilning faqat besh oyi – mart, aprel, may, iyun va iyulda shug‘ullanish mumkin. Bir dona tovuq jo‘jasining ulgurji narxi 2 ming so‘m, o‘rdak bolasiniki esa 1700 so‘m. Yangi ochib chiqqan jo‘jani makiyon yoki xo‘roz ekanligi xaridorni qiziqtirishi tabiiy. Tolibjon otaning nabirasi Sardorbek jo‘jalar jinsini aniqlash qobiliyatiga ega ekan. Xonadon egalari inkubatoriya asboblarini ta'mirlashni o‘zlari uddalaydi. Elektr energiyasidagi uzilishlarni oldini olish uchun “Neksiya” avtomashinasi dvigatelidan qo‘lbola generator yasashibdi.

Suhbatimiz davomida tuman hokimi Xursandbek Sultonov xonadonni yo‘qlab kelib qoldi. Hokim va tuman prokurori tadbirkor oiladan ko‘p xabar olib turar ekan. Ota mutasaddilarga tovuq boqish va parrandalarga makkajo‘xori, bug‘doy va soya donlari ekish uchun joy so‘rab murojaat qilgani va talabi ijobiy hal bo‘lganini gapirib berdi.

Xonadon sohiblaridan bir yilda ishlab topiladigan daromad haqida so‘rashga istihola qildik. Ularning uy-joyi, yashash sharoiti qanday daromad topayotganini ko‘rsatib turardi.

Biz uchun butun boshli parranda korxonasi qiladigan ishni bitta oila amalga oshirayotgani juda qiziq tuyuldi. Yo‘lingiz tushsa, siz ham Marhamatga bir keling, yangilikka guvoh bo‘lasiz.   

Kun.uz muxbiri Elmurod Ermatov, Andijon

Mavzuga oid
Top